Mahsus dastur

'Egilmagan, bukilmagan, sinmagan!

1999 yil kuzida Oliy Sudda Toshkent portlashlari yuzasidan sud majlislaridan biriga Murod Jo'raevni qo'llarida kishan bilan guvoh sifatida olib kelishdi. Men Murod akani, to sud'ya ismi-sharifini 'e'lon qilmagunicha tanimadim.

Ohirgi marta uni 1994 yilda Turkiyada ko'rgan 'edim. Ozib-to'zib ketgan, faqat quloqlari qolgan 'edi, holos. Kontslagerdagi mahbuslarga o'hshar 'edi. Haqiqatda ham kontslager nomini olgan Jasliqdagi qamoqhonadan olib kelingandi, adashmasam.

Sud'ya ism-sharifini tasdiqlagandan keyin undan: “Muhammad Solihni taniysizmi?” deb so'radi. Murod aka “taniyman”, deganidan keyin “qanday odam?” deb savol berdi. Men hozir tomosha boshlansa kerak, Murod akani Solihni yomonlash uchun olib kelishgan, deb turgan 'edim, Murod Jo'raev vazmin, horg'in bir ovozda “Men tanigan Muhammad Solih millatparvar, vatanparvar va demokrat odam” deb javob berdi.

U “demokrat” so'ziga alohida urg'u berdi. Chunki Muhammad Solih terrorchi sifatida ayblanayotgan 'edi. Va “meni to'g'ri tushuninglar, men 1994 yildan beri qamoqdaman, undan keyin hech kim bilan ko'rishmadim” deb qo'shimcha qildi. Sud'ya gapni uzatib o'tirmadi va “olib chiqib ketilsin” dedi. Murod Jo'raevning guvohligidan hafsalasi pir bo'lganini yashirib ham o'tirmadi. Qaytaga buni zalda o'tirganlarga ko'rsatishga harakat qildi.

Men sud jarayonlarini ko'p ko'rgan va qamoqhonalardagi ahvolni yahshi bilsam ham, Murod akaning holati menga yomon ta'sir qildi. Ko'zimga yosh keldi. Boshqalar ko'rib qolmasin, deya tez-tez yurib, sud zalidan chiqib ketdim. Ancha paytgacha o'zimga kelolmay yurdim. Murod aka undan keyin ham qariyb 16 yil o'tirdi. 'Ehtimol, ana shu so'zlari uchun o'tirdi. “Haqiqat 'egiladi, bukiladi, sinmaydi”, degan mujmal gap bor. Buni Abdulla Oripov “Haqiqat 'egiladi, bukiladi, sinmaydi, ammo 'egilib, bukilganda qobirg'alari sinib ketadi” deb yanada mujmallashtirgan. (Shoir buni 1987yilda Navro'zni yomonlab qo'yib, keyin zamon o'zgargach, yana uni yahshilash uchun aytgandi). Ammo men haqiqatning 'egilib, bukilib, o'zbekcha aytganda, qulluq qilib, choy tashib yurishini tasavvur ham qilolmayman.

Haqiqat 'egilmaydi ham, bukilmaydi ham, sinmaydi ham. Zotan, 'egilib, bukilsa, albatta sinadi. Bunga Murod akaning shuncha yillik qiynoq va iskanjalardan so'ng, Vasila opaga suyanib bo'lsa ham, qaddini tik tutib turgani misol. Ammo halqimizda bundan mantiqliroq boshqa bir gap bor 'ekan. Buni 2013 yilda qamoqdan chiqqan Mamadali Mahmudovni ko'rgani borganimda kashf qildim.

Mamadali akani Jizzahning chekka bir qishlog'idan yaqin qarindoshlari-o'zlari tengi bir ayol kishi ko'rgani keldi. Va so'rasharkan, birinchi aytgan gapi “o'sha erlarning sho'r tuzini yalab keldingizmi?” degan gap bo'ldi. Menga bu so'rashish juda qiziq, ayni paytda juda ham o'rinli tuyuldi. Halqimiz qanchalik dono!. Chunki 17 yil qamoqda o'tirib kelgan odamdan “yahshi keldingizmi?” deb so'rash g'alati. Ammo “sho'r tuzlarni yalab keldingizmi?” degan gap juda mantiqli 'edi.

Murod aka ham 21 yil davomida ne-ne qamoqhonalarning sho'r va zaharli tuzlarini yalab keldi. Oilasiga qovushgani rost bo'lsin!. Olloh qamoqda o'tgan umrini ham qo'shib bersin!. Boshqa siyosiy mahbuslar ham tez orada ozodlikka qovushsin!

Pahlavon Sodiq

Tavsiya 'eting:

Related Posts

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Email-Obuna

Arhiv

TUNEIN UZBEK.FM