O'zbekiston

Hukumatning qora ro'yhatiga tushgan Dramaturg Sharof Boshbekovga

Tabriklayman! Ishoning – bu sharafli bir ro'yhatdir. Gelvetsiy: Haqiqatni faqat man qilingan kitoblarda topish mumkin, degan. Bir Ilinskiy deganmi bir ziyoli bastakor inson inqilobdan oldin to'rt marta revolyutsioner deb qamalgan 'ekan va revolyutsiyadan keyin besh marta kontrrevolyutsioner deb qamalgan 'ekan. Haqiqatni gapiradigan odam hech bir hukumatga yoqmaydi. Chor hukumatiga ham, sovet hukumatiga ham, karimov hukumatiga ham, keyingilariga ham. Biroz sabr qilib turadi holos dunyodan uyalganidan.

Biz bu ro'yhatga kirib chiqib 1997 yildan beri yuribmiz. Usmon Azimov TVda til haqidagi ko'rsatuvda: hukumatdagilarning bolalari o'zbekcha gapirmasa til qonuni ishlamaydi da, degani uchungina o'n yillardir taqiqda yurdi. Chunki Islom Karimovning qizlari o'rischa gapirardi, o'zbeklarni haripizm derdi, uning jurnalida ishlaganman ozgina. Hozir Usmon akadan taqiq olingan. Sizga navbat kelgandir.

Hurshid Davron taqiqda. Meni o'zgartirgan kitob degan ko'rsatuvda anonsi ketdi, ko'rsatuvi berilmadi. Jamol Kamol taqiqda. Muhammad Solih vatanga qaytsin degan hatga imzo ko'yilgani uchun hozir qora ro'yhatga birdan yana 455 kishi kiritilgan. Masalan, olim Suvon Melievning takrori berilgan barcha ko'rsatuvlardan oldingi interv'yular olib tashlanyapti. O'n yildan beri buyuk olim Najmiddin Komilov taqiqda bo'ldi. Sharof aka shu safga hush kelibsiz.

Muhammad Solih hatiga imzo ko'ygan buyuklarning biri men ko'ymaganman behabarman deb o'zini oqlab oldi ammo baribir jurnali chop 'etilmayapti. Menga ham imzongiz yo'q 'ekan, imzolamaganman deb yozib chiqing degan taklif bo'ldi. Rostdan ham hatni imzolashga imkon bo'lmadi, tashabbuskorlar goh uchrashuv joyiga kelmadi, goh men safarda bo'ldim. Lekin telefonda qo'yib yuboraveringlar, dedim. Fbda ham hat tagiga qo'shilib qayd qo'yganman. Inkor 'etish talabiga: “Halq mard va nomardga ajralayotgan bir nuqtada nomardlar safida bo'lishni istamayman. Men imzolaganlar safidaman” dedim.

Qora ro'yhatdagilar safiga qarasangiz tabrigim samimiyligiga ishonasiz. Bu ro'yhatda ustoz Shukrullo aka bor, Oybekning o'g'li akademik Bek Toshmuhamedov bor, buyuk bastakor Zohid Haqnazarov bor buyuk shoira Gulchehra Nurullaeva bor. Qancha olimlaru shoirlar; akademiklar bor… Abdulla Oripov va 'Erkin Vohidov shu ro'yhatda so'ngi nafasigacha turdi va faqat o'lim biroz ularga 'ekrandan aytilish imkonini berdi. Buni hamma biladi. 'Erkin Vohidovning jonlari vujudlarini tark 'etayotgan paytda Farg'onada u kishining kitoblari taqdimoti bo'layotgan 'edi, unda olim Ibrohim G'ofurov boshchiligida ziyolilar qatnashmoqda 'edi. Toshkentdan Yozuvchilar uyushmasi rahbari telefon qilib: “Tezda ortga qaytinglar. 'Erkin Vohidov zapretdagi odam.. Tadbirlaringni to'htatinglar, davlat rahbari bilib qolsa, baloga qolamiz!” – degan. O'ksinib qaytayotganlarida dovonga kelganda 'Erkin akaning olamdan o'tganini 'eshitgan olimlarimiz yig'lab yuborganlar. O'sha kuniyoq 'Erkin Vohidov uyi atrofi asfal't qilindi va asfal't sovumay Shavkat Mirziyoev keldilar, keyin biror soatdan keyin yana bir bor keldilar. Yozuvchilar ittifoqining rahbari telefon qilib: “'Erkin akaning uy adresini aytinglar, bormoqchimiz”, – deganda, ayollari Gulchehra opa: “Qo'yliqda yo Do'rmonda deb yuboringlar, shularni ko'rgani ko'zimiz yo'q” – dedilar. Chunki tirigida bularga shoir yo yozuvchi kerak 'emas. Mana, Usmon Nosir, Cho'lpon, Qodiriylarni ko'rgan Shukrullo aka hayot va taqiqda – uch marta TV suratga olib, bermadi. Bu haqda yozildi. Agar taqiq qo'ymagan bo'lsa, o'sha tepadagi “o'zimizning Beriya” (H.Davron iborasi) TVga telefon qilib: “Beringlar Shukrullo akani” deyishi mumkin va o'zidan shubhani soqit qila oladi-ku.

Shu safga biroz bo'lsa da kirish sharafdir. Faqat oila va farzandlar tushunsa bo'ldi. Mening hotinim dastlabki yillarda shularni ikki og'iz maqtasangiz ministr bo'lib yurardingiz, bolalaringizni o'ylang, derdi. Odamlarga yolg'on gapirishda Hudodan qo'rqaman, Rasulullohdan hayo qilaman va halqdan uyalaman, derdim. Ohiri tushunganday…

Tokim har bir to'g'riso'zni qora ro'yhatga tiqayotgan g'ayridin tepada turar 'ekan, islohotlar ham depsinaveradi va ularning tashabbuskori ham isnodga qolaveradi.

Qolaversa, birlarimiz biroz o'zimizni bosiq tutsak, chiqarmiz ro'yhatdan… Ammo ayrimlarimiz qattiq o'rnashganmiz.

Karim Bahri

Manba: O'HH ahborot bo'limi

Tavsiya 'eting:

Related Posts

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Email-Obuna

Arhiv

TUNEIN UZBEK.FM