O'zbekiston

Ayb kimda?

Aslida, 'eng katta ayb O'zbekiston musulmonlari idorasida! Rasmiy diniy peshvolarimizda!

Surishtirilsa va kavlashtirilsa, diniy sohadagi juda ko'p muammo ildizi shu erdan chiqadi.

O'z ishlarini 'eplayolmayaptilar. Nima qilishni bilmayaptilar. Ummatga chinakam peshvolik qila olmayaptilar. Din g'ami sust. Jur'at yo'q hisobi. Tashabbus butkul o'zga qo'llarga berib qo'yilgan. Sof diniy masalalarda ham mustaqillik yo'q darajada. Ilmiy salohiyat past. Ko'plari hatto Qur'on tili bo'lgan arabchani bilmaydi! Bir-ikki kishi mustasno, pichoqqa ilinarli, chin ma'noda olim deyishga arzirli kishini topish qiyin.

O'ttiz ikki milyonli mamlakat musulmonlariga ilmiy va amaliy hizmat ko'rsatishi kerak bo'lgan tashkilot ahvoli bunday bo'lganidan keyin musulmonlar orasida albatta turli tushunmovchilik, tortishuv va noroziliklar chiqadi-da!

Prezident har soha ishini o'z bilimdoni yuritsin degan 'ezgu niyatda bitta og'zaki buyruq bilan ishhonalarni ularga biriktirilgan mhhchilardan tozaladi. Jumladan, uzoq yildan beri O'zbekiston musulmonlari idorasida rais o'rinbosari bo'lib ishlab kelgan MHHdan tashlangan “desant” ham ishdan bo'shatildi. Machitlar, imomlar orqalariga majburiy tirkalgan kuratorlardan qutuldi.

Qanday yahshi! Uzoq yillardan beri orzu qilingan sharoit yaraldi: DINGA O'Z AHLI 'EGALIK QILADIGAN KUNLAR KELDI, ahir!

Musulmonlar engil nafas oldi. 'Endi O'MIda ish qaynaydi deb o'yladik. Hammaning ko'zi va qulog'i O'MIga qadaldi.

Nima bo'ldi?

Doimiy etovga o'rgangan, mustaqil odim otishni deyarli unutib yuborgan, yuqorining qosh-qovog'iga qarayverib yuragini oldirib qo'ygan O'MI va machitlar turgan joyida taqqa to'htadi. Hatto tetapoya yura olmadi. Dovdirab qoldi. Sarosimalandi. Shu qadarki, ayrimlarining: “Ular borligi yahshi 'edi, nima qilishimiz kerakligini aytib turishardi, mas'uliyat bo'yinlarida 'edi”, degan afsuslarini mana shu ikki qulog'imiz bilan 'eshitdik!

“Peshvo”larimiz hol tillari ila chin yurakdan duo qilib yuborgan 'ekan, farishtalar omin deb, mana, oradan hech qancha o'tmay “'ezgu orzulari” ushaldi: bir DHH zobiti Din ishlari bo'yicha qo'mitaga rais bo'lib keldi, ikkinchisi O'MI raisiga o'rinbosar 'etib tayinlandi!

Machit va imomlar-chi, dersiz. Harholda ular ham yolg'izlatib qo'yilmagan bo'lsa kerak…

Bular o'z ishini o'zi yuritolmadi, tez yordam so'raldi shekilli, ular yana tashabbusni qo'lga oldi. Mana, 'endi o'zlari bilganicha boshqara boshladi.

Isboti hayotda tezdagina ko'rindi – diniy siyosat salbiy tomonga o'zgarishga yuz tutdi, ishlar hartomonlama orqaga qarab ketdi. Uch-to'rt kundan beri muhokamasi davom 'etayotgan “janjal”li ish bunga yorqin misol!

Chidaymiz 'endi. O'zimiz yura olmaganimizdan keyin birov etalaydi-da. Yurar yo'limizni, borar manzilimizni o'zimiz belgilamaganimizdan keyin boshqalar etalagan qandaydir tomonlarga qarab chopqilab ketaveramiz-da.

Ho'sh, kim aybdor 'ekan 'endi?

Men, masalan, keyingi bu o'zgarishlarda, orqaga ketishlarda davlatni ayblay olmayman…

2018.15.07.

Nurulloh Muhammad Raufhon

Manba: facebook.com

Tavsiya 'eting:

Related Posts

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Email-Obuna

Arhiv

TUNEIN UZBEK.FM